Ruminiyada qayta prezidentlik saylovlari boshlandi
Saylovlarning oldingi natijalari rossiyaparast nomzod g‘alaba qozonganidan keyin bekor qilingan edi.

Foto: Getty images
Ruminiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi boshlandi, deb xabar beradi BBC.
Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da ochilgan va ular 21:00 gacha ishlaydi. Ovoz berish mumkin bo‘lgan nomzodlar soni — 11 kishi.
So‘rovnomalar birinchi o‘rinni o‘ta o‘ng yevroskeptik Jorjye Simionga bermoqda. Uning asosiy raqiblari — Buxarest meri Nikushor Dan va amaldagi parlament koalitsiyasi qo‘llab-quvvatlayotgan Krin Antonesku.
Taxminlarga ko‘ra, nomzodlarning hech biri birinchi turda g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘ladigan 50 foizdan ortiq ovozni to‘play olmaydi. Saylovlarning ikkinchi turi 18 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Bu Ruminiyada oxirgi bir yil ichida ikkinchi bor prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga urinish hisoblanadi. Bundan oldingi ovoz berish jarayonlari 2024 yil noyabrda bo‘lib o‘tgandi — o‘shanda birinchi o‘rinni rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku egallagan edi. Ammo maxsus xizmatlar uni ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishda aybladi. Ta’kidlanishicha, Rossiya Jorjyeskuni reklama qilish uchun minglab TikTok akkauntlaridan foydalangan. Natijada Ruminiya Bosh prokuraturasi natijalarni soxtalashtirish bo‘yicha ish ochgan, Konstitutsiyaviy sud esa saylov natijalarini butunlay bekor qilgan edi.
Mart oyida Ruminiya Markaziy saylov komissiyasi, keyin esa sud Jorjyeskuga saylovlarda nomzodini yana ilgari surishga ruxsat bermadi.